O'TMISH SADOSIDA TARIX SABOQLARI VA MA'NAVIYAT 
(Xotima o`rnida) 

Siz o'quv yili davomida jonajon
Vatanimiz  O'zbekistonning IV-XVI
asr boshlari tarixi bilan tanishdingiz.
Qadim zamonlarda Turon, o'rta
asrlarda Turkiston va Movarounnahr
nomlari bilan shuhrat topgan yurtimiz tarixi bayoniga yakun yasalar ekan,
shuni e'tirof etish joizki, xalqimizning
bu ko'hna o'tmishi, avvalambor,
uning ulkan bunyodkorlik faoliyati
tarixidir. Bu davrda uning betinim
mehnati tufayli o'lkamizda azim daryolar, katta-kichik soy va jilg'alar
jilovlanib, dehqonchilik maydonlari
kengaytirildi, bog'-rog'lar va
bo'stonlar barpo etildi. Hozirgi kunda
Siz-u biz hayot kechirayotgan voha va
viloyatlar shakllandi va obod etildi. Son-sanoqsiz qishloq va shaharlar
bunyod etildi. Shaharlar kengayib,
hunarmandchilik, tijorat, ma'rifat, ilm-
fan hamda madaniyatning markaziga
aylandi. Hunarmandchilikning turli xil
tarmoqlari rivoj topib, qo'li gul mohir hunarmandlarning nozik did va ijodiy
mahorati bilan yasagan buyum-u
asboblari hamda zeb-ziynatlari o'ziga
xos yuksak san'at asari darajasida
qiyomiga yetkazildi.
Bir tomondan sug'orma dehqonchilik va chorvachilik, ikkinchi tomondan
hunarmandchilikning taraqqiyoti o'z
navbatida ichki va tashqi tijoratning
kengayishiga, ayniqsa, tashqi bozor
bilan olib borilgan aloqalarning
mustahkamlanishiga va bular esa shubhasiz xat-u savod, ilm-u
ma'rifatning yuksalishiga olib keldi.
Aynan shu davrda Muhammad ibn
Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-
Farg'oniy, Abu Nasr Farobiy, Abu
Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug'bek singari o'rta asrlarning
buyuk alloma olimlari yetishib chiqdi.
Ular jahon ilm-fanining taraqqiyotiga
ulkan hissa qo'shdilar.
El-yurtni boshqarishda ham o'ziga
xos davlatchilik, qonun va qoidalar, yer va mulkka bo'lgan haq-huquq
tizimlari yuzaga keldi. Bu diyorda yirik
viloyat hokimlari boshqargan
mahalliy voha hokimlaridan tortib,
Turk xoqonligi, Somoniylar,
Xoqoniya-Qoraxoniylar, Xorazmshohlar hamda Amir Temur
saltanati kabi buyuk davlatlar tashkil
topdi. Bu tarixiy voqelik shuni qat'iy
tasdiqladiki, Vatanimiz hududlarida
davlatchilik madaniyati o'rta asrlarda
yanada rivoj topib, buyuk saltanatlik boshqaruv tizimigacha ko'tarildi.
Davlatchilik tizimi voha
hokimliklaridan markazlashgan
saltanat, ya'ni shohonshohlik
(imperiya) darajasigacha ravnaq
topishi, shuningdek, aholisini umumdavlat dini va e'tiqodida,
xususan Islom dini mafkurasi asosida
kamol topishi, beshak, tarixiy Turon-
Turkiston mintaqasida qadimdan
yashab kelayotgan ajdodlarimizni
birlashtirdi. Ularning xalq bo'lib shakllanish jarayonida yengilmas
kuch sifatida asosiy omil vazifasini
bajardi.
Tarix taqozosi bilan Sharq va
G'arbdan turli qabilalarga mansub
etnik guruhlar o'lkamizga kirib kelib, mahalliy tub aholi bilan qo'shilib,
qorishib ketdi. Asrlar davomida yuz
bergan bunday etnik jarayonlar
natijasida o'z hududi, davlatchiligi, tili,
iqtisodiy vama'naviy-madaniy
turmush tarziga ega bo'lgan o'zbek xalqi shakllandi.
Mashaqqatli mehnat,
dehqonchilikning barokati, rohat-u
uqubati, yerga egalik qilish
munosabatlari xalqimizning turmush
tarziga kuchli ta'sir qilib, unda mustahkam e'tiqod, pok axloq, sabr-
qanoat qilish odobini shakllantirdi. Bu
davrda Imom al-Buxoriy, Abu Iso at-
Termiziy, Burhoniddin Marg'inoniy,
Xoja Ahror va Bahouddin Naqshband
kabi zabardast daho va ulamolar yetishib chiqdi. Ular islom dini va
qonunshunosligi taraqqiyotiga
hamda uning jahon dini darajasiga
ko'tarilishiga katta hissa qo'shdilar.
Islom dini odamlar e'tiqodini
mustahkamladi. Bunday zabardast jamoatchilik
qudratini yuzaga keltirgan tarixiy
Turkiston  O'zbekiston tarixda
Buyuk karvon yo'lida Sharq-u G'arb
davlatlarining o'zaro iqtisodiy va
madaniy munosabatlarini shakllanishida bag'rikeng va omilkor
vositachi hamda qalqon mamlakat
sifatida faoliyat ko'rsatib kelgan.
Vatanimiz uzoq tarixi guvohlik
beradiki, adolat yo'qolib, zulm
kuchaygan vaqtlarda el-yurtda tanglik va notinchlik yuzaga keladi.
Xalq g'alayonlari ko'tarilib, mamlakat
iqtisodiy va siyosiy buhronga duchor
bo'ladi. Bunday og'ir va mushkul
vaziyatli davrda, ayniqsa, mahalliy
hokimlarning Markaziy hokimiyatga qarshi xatti-harakatlari avj olib ketadi.
Bunday davrlarda mamlakat
tanazzulga yuz tutib, davlat barham
topadi. Bu borada Temuriylar
saltanatining fojiali qismati, ayniqsa,
saboqlidir. Ona-Vatanning mana shunday
qismatidan saboq chiqargan
otabobolarimizning Vatanni sevmoq
iymondandir degan sharafli
so'zlarida olam-olam ma'no-mazmun
mujassamlashgan. Vatanga bo'lgan muhabbat esa ota-ona va ustozlarga
bo'lgan izzat-hurmat, oilaga bo'lgan
sadoqat va e'tiqoddan boshlanadi.